O‘zbekistonda “buxanka” non qimmatlashganini mutasaddilar qanday izohlaydi?

O‘zbekistonda “buxanka” non qimmatlashganini mutasaddilar qanday izohlaydi?

15-sentabrdan e’tiboran O‘zbekistonda qolipli non narxi ko‘tarildi. Uning donasi 1200 so‘mdan sotilmoqda.

“Xalq so‘zi” “Nega non birdaniga salkam ikki barobarga qimmatlashib ketdi?” degan savolni ko‘tarib, buning asl sababiga oydinlik kiritish maqsadida faoliyati poytaxt aholisiga non va non mahsulotlari yetkazib berishga qaratilgan “Toshkentnon” ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga murojaat qildi.

— Hozirgi paytda uyushmamiz tomonidan kuniga o‘rtacha 500-550 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda, — deydi “Toshkentnon” uyushmasi bosh hisobchisi Ruslan Musretov. — Non narxining ko‘tarilishi esa, avvalo, ishlab chiqarish tannarxiga bog‘liq. Chunki shu kunga qadar birinchi navli unning 1 kilogrammini 930 so‘mdan sotib olardik. Shuning hisobiga bitta qolipli non ishlab chiqarib, to u savdo do‘koniga yetkazib berilguniga qadar tannarxi 591 so‘mga to‘g‘ri kelardi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 1000 so‘mni tashkil etmoqda. Sababi, unning bahosi ham ko‘tarilib, 1 kilogrammini 1400 so‘mdan xarid qilyapmiz. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-sentabrdagi 731-sonli qarori bilan belgilangan bo‘lib, narx-navo joriy yilning noyabridan yana oshishi mumkin.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2018-yil 15-sentabrdan boshlab 1 kilogramm bug‘doy unining ulgurji narxi 1400 so‘m miqdorida belgilandi. Ushbu hujjatda mazkur narxni 1 noyabrgacha bekor qilish ham ko‘zda tutilgan. Negaki, endilikda qolipli non talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi bo‘yicha sotiladi.

Ta’kidlanishicha, bu jarayonda aholini ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi to‘lanadi. Bu yangilik amaliyotga shu yilning 1-oktabridan joriy etiladi.

Bundan tashqari, qarorda 14 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan belgilangan nafaqa to‘lanishi ham o‘z aksini topgan. Eng asosiysi, bozorda don va un narxlari keskin o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, zarurat tug‘ilganda davlat zaxirasidan don chiqarilishi bog‘liq chora-tadbirlari ko‘rilishi ko‘zda tutilgan.

Xabarda aytilishicha, qolipli non narxining o‘zgarishi ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylandi.

Ayrimlar narx-navoni joriy mavsumda g‘alla hosili mo‘ljaldagidan kam bo‘lgani oqibati bilan bog‘lamoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

Savolga javob olish uchun “Xalq so‘zi” “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi mutasaddilariga murojaat qildi.

— Bu kabi gap-so‘zlar asossiz, — deydi Don va urug‘lik tayyorlash va saqlashni tashkil etish boshqarmasi mutaxassisi Akrom Ismoilov. — Chunki kompaniyamiz tizimidagi korxonalarda o‘tgan yildagidan kam bo‘lmagan miqdorda bug‘doy qabul qilindi. Ular sifatli saqlanib, peshma-pesh qayta ishlanmoqda. Mamlakatimiz aholisi ehtiyojiga yarasha bug‘doy jamg‘arilgan. Un yetkazib berishda uzilishlar ro‘y bermaydi.

Donni qayta ishlovchilar, non tayyorlash korxonalari ishchilari unning narxi oxirgi marta 2014-yilda oshgani ta’kidlamoqda. Oradan to‘rt yil o‘tib, bitta non bahosining bir litr gazlangan suv narxiga yaqinlashganini “normal holat” deya qabul qilishayotir. Yana ular amaliyotga erkin bozor narxi qo‘llanilishini ishlab chiqarish korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi muhim qadam, deya baholayapti.

“Chindan ham, masalaga bozordagi bugungi real holatdan kelib chiqib yondashadigan bo‘lsak, qolipli nonga o‘rnatilgan narx unchalik ham baland emasligiga amin bo‘lamiz. Axir, xarxasha qilayotgan farzandimiz uchun oddiy xo‘rozqandni ham 1000-1500 so‘mga sotib olyapmiz-ku?! Ammo oddiy haqiqat shuki, suvga chanqagan odamgina ehtiyoj sezadi. Non esa har qanday oila kundalik xarid ro‘yxatining boshida turadi. Shu ma’noda, aholining non narxiga bildirayotgan munosabatlarini to‘g‘ri qabul qilmasdan iloj yo‘q. Zero, muhim iste’mol tovarlari, xususan, nonning bahosi aholi xarid qobiliyati darajasiga har tomonlama mos bo‘lishi maqsadga muvofiqdir”, — deyiladi maqolada.